Hujjat va fayl bilan ishlash
Zamonaviy AI dasturlari fayl qabul qiladi: PDF, Word, jadval, rasm. Bu eng foydali imkoniyatlardan biri, lekin qoidalari bor.
Kerakli qismni ajrating
200 betlik hujjatni bir yo'la tashlash o'rniga kerakli bo'limni ajratib bering. Sabab oddiy: model uzun matnning o'rtasiga kamroq e'tibor beradi.
Agar butun hujjat kerak bo'lsa, uni bo'lib bering va har bir qism bo'yicha alohida savol bering.
Nima so'rash kerak
Faylni tashlab "tahlil qil" deyish kam foyda beradi. Aniq savol bering:
- "Shartnomadagi jarima bandlarini topib, jadval qilib ber"
- "Bu hisobotdagi asosiy uchta xulosani yoz"
- "Jadvaldagi eng katta xarajat moddalarini tartib bilan sana"
Jadval bilan ishlash
Model hisob-kitobda ishonchsiz. U raqamlarni "ko'radi", lekin kalkulyator emas — qo'shishda va foiz hisoblashda xato qilishi mumkin.
Shuning uchun jadval bergandan keyin yakuniy summalarni o'zingiz tekshiring. Yoki modeldan formula so'rang va hisobni Excel'da o'zingiz bajaring — bu ancha ishonchli.
Ba'zi dasturlar kod ishga tushirib hisoblay oladi — bu holda natija ancha aniq. Lekin baribir yakuniy raqamni ko'z bilan tekshirish foydali.
Maxfiylik — eng muhim qism
Faylni yuklashdan oldin bitta savolni bering: bu ma'lumot tashqariga chiqsa nima bo'ladi?
Mijoz shartnomasi, xodimlar maoshi, pasport nusxasi, tibbiy xulosa, parol — bularni umumiy AI dasturlariga yuklamang. Ko'p xizmatlarda suhbatlar saqlanadi va ba'zi tariflarda model yaxshilash uchun ishlatilishi mumkin.
Agar baribir kerak bo'lsa: ismlarni o'zgartiring, raqamlarni shartli qiling, faqat tuzilishni qoldiring. Model namunadan ham ishlay oladi.
Skanerlangan hujjat
Rasm ko'rinishidagi PDF (skaner) bilan model qiynaladi, ayniqsa o'zbek tilidagi matnda. Agar matn tanilmasa, avval OCR dasturidan o'tkazing, keyin bering.