Mijoz portretini aniqlashda AI yordami
Marketingda eng ko'p qilinadigan xato — "hamma uchun" ishlash. AI mijoz portretini aniqlashda yordam beradi, lekin kutilganidan boshqacha usulda.
Model mijozingizni bilmaydi
Buni darhol aytib qo'yaylik: "Mening mijozim kim?" deb so'rasangiz, model umumiy va foydasiz javob beradi. U sizning bizningizni, bozoringizni va mijozlaringizni ko'rmagan.
Shuning uchun undan javob emas, savol so'rang.
Foydali usul: savollar ro'yxati
"Men [biznes turi] bilan shug'ullanaman. Mijoz portretini aniq tuzish uchun menga 15 ta savol ber, javoblarni men yozaman."
Model savollarni beradi: mijoz qanday muammo bilan keladi, qaysi vaqtda sotib oladi, nimadan qo'rqadi, qayerdan sizni topadi. Bu savollarga javob berish jarayonining o'zi portretni tuzadi.
Mavjud ma'lumotni tahlil qilish
Agar sizda mijoz izohlari, savollar yoki sotuv yozuvlari bo'lsa — ularni modelga bering va naqsh topishni so'rang.
- "Bu 50 ta izohda eng ko'p takrorlangan shikoyatlarni ajrat"
- "Mijozlar qanday so'zlar bilan muammosini ta'riflaydi?"
- "Bu savollarni mavzu bo'yicha guruhla"
Bu yerda model haqiqatan foydali — chunki u sizning ma'lumotingiz bilan ishlaydi, taxmin qilmaydi.
Mijoz izohlarini yuklashdan oldin ismlar va telefon raqamlarini olib tashlang. Bu boshqa odamlarning ma'lumoti.
Portretni sinab ko'rish
Portret tayyor bo'lgach, modelga uni bering va "shu odam nuqtai nazaridan mening taklifimga e'tiroz bildir" deng.
Bu usul zaif joylarni ochadi: narx balandmi, foyda tushunarsizmi, ishonch yetishmaydimi.
Eng muhim qoida
AI bilan tuzilgan portret — gipoteza, fakt emas. Uni haqiqiy mijoz bilan suhbatda tekshiring. Besh kishi bilan gaplashish yuz soatlik tahlildan foydaliroq.